24.03.2019

Tushumi bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobga olish kitobini yuritadi

Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqida vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.

Nizomga muvofiq, tushumi bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari hamda tovar cheklari kitobchasini yuritadi.

Nazorat-kassa mashinalarini qoʻllamasdan faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkor tovar cheklari kitobchasini soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkazishi kerak.

Hisobga olish kitobidagi yozuvlar ularni toʻgʻriligini tasdiqlash uchun, u bilan birga saqlanadigan hujjatlar asosida yuritiladi.

Quyidagilar tovarlarning sotilganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi:

• nazorat-kassa mashinasi umumiy koʻrsatkichi;

• plastik kartochkalar orqali toʻlovlar qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallari cheklari nusxalari;

• tovar cheklari kitobchasi.

Hisobga olish kitobiga maʼlumotlar kunlik kiritiladi.

Tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum oylar davomida oʻsib boruvchi tushumdan kelib chiqib aniqlanadi.

Tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtkaziladi.

Kalendar yilida tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar qatʼiy belgilangan soliqni toʻlaydi.

Tushumlari 100 million soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkor tovar aylanmalari boʻyicha hisobotlarni chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay taqdim etishi lozim.

OʻzA

Возврат к списку


загрузка карты...