07.12.2018

Saudiya Arabistoni biznes missiyasi Oʻzbekistonda

Maʼlumki, dekabr oyi boshida Saudiya Arabistonida Oʻzbekiston delegatsiyasi Saudiya investitsiyalar boʻyicha agentligi raisi Ibrohim al-Umar hamda Saudiya taraqqiyot fondi maslahatchisi Yusuf al-Bassam bilan muzokaralar oʻtkazgan, unda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilingan edi.

Saudiya Arabistoni delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi ana shu muzokaralarning davomi boʻlib, unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, qoʻshma korxonalarni koʻpaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishishi koʻzda tutilgan.

Bu bejizga emas, boisi delegatsiya tarkibida Saudiya Arabistonining savdo-iqtisodiy tarmoqlariga bosh boʻlgan tuzilmalar, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, mineral resurslar, qurilish, elektronika kabi sohalarda faoliyat olib boruvchi 20 dan ziyod kompaniya vakillari oʻrin olgan.

Tashrif doirasida 12-dekabrda Toshkentda Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni biznes-forumi oʻtkazildi. Unda soʻzga chiqqan Saudiya Arabistoni Qirolligi Savdo-sanoat palatalari kengashi raisi Sami bin Abdulloh al-Ubaydiy ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining ushbu uchrashuvi rivojlanib borayotgan iqtisodiy aloqalarga kuchli turtki berishini, xususan, mazkur biznes-forum Saudiya Arabistonining Oʻzbekistonga investitsiya kiritishini yengillashtirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov mamlakatimizda saudiyalik investorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgani, bu yerdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari eshigi ular uchun ochiq ekanini qayd etdi va saudiyalik ishbilarmonlarni oʻzaro manfaatli hamkorlikka taklif qildi.

Forumda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalari holati tomonlar imkoniyatidan past darajada ekaniga eʼtibor qaratildi. Jumladan, 2018-yilning 9 oyida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi tovar aylanmasi 42 million AQSH dollarini tashkil etgan.

˜– Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi qoniqarli emas, – dedi Saudiya Arabistoni Qirolligining Taif savdo-sanoat palatasi masʼul vakili Abdulazim Turkistoniy. – Statistikaga koʻra, oʻtgan 20 yil ichida savdo aloqalari hajmi 2,5 baravarga oʻsgan, xolos. Vaholanki, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻz mintaqasida iqtisodiy salohiyati yuqori boʻlgan yetakchi mamlakatlardir. Bu salohiyatdan samarali foydalanish, iqtisodiy hamkorlik sohalarini koʻpaytirish, xususiy sektorlar oʻrtasidagi biznes aloqalarini kuchaytirish orqali yuqori natijalarga erishish mumkin.

Tadbirda mamlakatimizning investitsiyaviy, turizm va eksport salohiyati, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalariga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazildi. Forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida B2B uchrashuvlari ham tashkil etildi.

Saudiya Arabistoni Qirolligi Savdo-sanoat palatalari kengashi raisi Sami bin Abdulloh al-Ubaydiy boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi 16-dekabrga qadar davom etadi.

Возврат к списку


загрузка карты...