06.01.2017

Statistika organlari barcha hisobotlarni elektron ko‘rinishda qabul qilmoqda

Toshkentda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan tizimda ilg‘or xalqaro metodologiyani joriy etish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bu alohida qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, iqtisodiyotning va aholi daromadlarining izchil o‘sib borishi sharoitida davlat boshqaruvining eng muhim instrumentlaridan biri sifatli va tezkor ma’lumotning mavjudligi – ishonchli va dolzarb davlat statistikasi hisoblanadi. Bu jarayonda tadbirkorlarga statistik hisobotlarni topshirish bo‘yicha yuklamalarni qisqartirish ham muhim rol o‘ynaydi.

Qo‘mita tomonidan davlat statistika hisobotlarini qisqartirish yo‘li bilan statistik ma’lumotlarni olish manbalarini tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2000-yilda 372 statistika hisoboti shakllaridan foydalanilgan bo‘lsa, 2016-yilda bu ko‘rsatkich, statistik ma’lumotlarning sifati va to‘liqligiga ta’sir ko‘rsatmagan holda, deyarli uch barobar qisqarib, 127 shaklni tashkil etmoqda.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlari uchun davlat statistika hisobotlarini taqdim etish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytida bepul taqdim etiladigan «eStat 2.0» statistik hisobotlarni elektron ko‘rinishda yig‘ishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirildi.

Natijada 2011-yilda respondentlarning atigi 4 foizi elektron ko‘rinishda hisobot topshirgan bo‘lsa, 2014-yilga kelib bu raqam 98,4 foizga yetdi, 2015-yildan esa statistika organlari tomonidan barcha hisobotlar faqat elektron ko‘rinishda qabul qilinmoqda.

Statistika organlari tomonidan oxirgi besh yilda 10 axborot tizimi ishga tushirildi, rasmiy saytlar orqali 10 interaktiv davlat xizmati taqdim etilmoqda.

– 2016-yildan boshlab dunyoda umumqabul qilingan yalpi ichki mahsulot tuzilmasini hisoblash metodikasini joriy etish hamda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni Faoliyatning xalqaro standart tasniflagichi asosida shakllantirishni ta’minlash yuzasidan ish olib borilmoqda, – deydi qo‘mita boshqarma boshlig‘i Qobil Berdiqulov. – Bu esa tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning statistik va tahliliy ko‘rsatkichlarini taqqoslashda yana bir qulaylik bo‘ladi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

O'zA axborot agentligi

Возврат к списку


загрузка карты...