26.01.2017

Media-haftalik: Iqtisodiyotni yanada liberallashtirish taraqqiyotga xizmat qiladi

Harakatlar strategiyasi loyihasida belgilangan uchinchi yo‘nalish – mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va liberallashtirish masalalari media-haftalik doirasida qizg‘in muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Sh.Ismoilov, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori Sh.Teshayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Soliq akademiyasi rektori E.Gadoyev, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Aminov, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Ikromov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish va xalqimiz farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi loyihasi amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizning yaqin besh yillik taraqqiyot strategiyasi loyihasining uchinchi yo‘nalishida makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning huquqlarini himoya qilish va uning istiqbolli rolini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, viloyatlar, tumanlar va shaharlarni kompleks va muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning salohiyatidan samarali foydalanish, turizm sohasini taraqqiy ettirish borasida qator takliflar ilgari surilgan.

– Prezidentimiz tomonidan taklif etilayotgan Harakatlar strategiyasi loyihasida ilg‘or xalqaro tajribaga muvofiq pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, milliy valyutaning va ichki bozordagi narxlarning barqarorligini ta’minlash, milliy valyuta kursini shakllantirishda zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, bank tizimini isloh qilish, banklar depozit bazasining kapitalizatsiyasini chuqurlashtirish va barqarorligini oshirish, ularning ishonchliligini mustahkamlash, samarali investitsion loyihalar hamda kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini kreditlashtirishni yanada kengaytirish bo‘yicha istiqbolli takliflar o‘rtaga tashlangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tijorat banklari faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish departamenti direktori o‘rinbosari Jahongir Abdurasulov. – Bu boradagi ishlarni izchil amalga oshirish va bosqichma-bosqich iqtisodiyotimizga tatbiq etish mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

– Chorak asr davomida mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni samarali amalga oshirishga ko‘maklashuvchi to‘laqonli soliq tizimi yaratildi, – deydi Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Vyacheslav Pak. – O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi soliq solish masalalari bo‘yicha amaliyotda sinalgan xalqaro tamoyil va yondashuvlar asosida ishlab chiqilgan. Harakatlar strategiyasi loyihasida taklif etilayotgan soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini yanada soddalashtirish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish va rag‘batlantirishning tegishli choralarini kengaytirish borasidagi islohotlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini yanada rivojlantirishga, iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Soha mutaxassislari yaqin kelajakda iqtisodiyotimiz tarkibida sanoat, xizmatlar ko‘rsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini ko‘paytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmadagi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini olib borish yuzasidan berilgan savollarga javob qaytardi.

Tadbir doirasida tayyorlanayotgan tok-shou teleradiostansiyalar efirlari orqali uzatiladi, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiriladi.

O'zA axborot agentligi

Возврат к списку


загрузка карты...