24.02.2017

Qurilish, mebel-interer va isitish xizmatlari namoyishiga tayyorgarlik

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, “Fayz” xolding kompaniyasi, «ITE Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Uzbuild Tashkent – 2017” qurilish va interer ko‘rgazmasi uskunalar, texnologiyalar, qurilish materiallari va xizmatlarini ishlab chiqaruvchilar hamda yetkazib beruvchilarning iste’molchilar bilan amaliy muloqoti uchun samarali vosita hisoblanadi. Mazkur tadbirda 20 mamlakatdan ikki yuzdan ziyod kompaniyaning ishtirok etishi kutilmoqda. Italiyaning beton texnologiyalari ishlab chiqaradigan “Imteco” kompaniyasi, gidravlik burg‘ilash qurilmalarini ishlab chiqaruvchi “Comacchio SRL” zavodi, Turkiyaning qurilish materiallariga ixtisoslashgan “Dal Teknik Makina Ticaret Ve A.S.” kompaniyasi, Birlashgan Arab Amirliklarining alyumin profil ekstruziyasini tayyorlovchi «Arabian Extrusions Factory» kompaniyasi shular jumlasidandir.

«MebelExpo Uzbekistan – 2017» xalqaro ko‘rgazmasi o‘n to‘rtinchi bor o‘tkazilmoqda. Unda 19 mamlakatning 110 dan ziyod kompaniyasi eng yangi texnologiyalar va mahsulotlarining sara namunalarini taqdim etadi. Ko‘rgazma faoliyati mebel ishlab chiqaruvchi mutaxassislar e’tiboriga havola etilayotgan zamonaviy ishlab chiqarish materiallari va texnologiyalari, mebel oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga zamonaviy mebel modasi, bozordagi yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot olishga yordam beradi.

«Aquatherm Tashkent – 2017»da isitish, suv ta’minoti, santexnika, sun’iy iqlim hosil qilish, havoni tozalash, sun’iy hovuzlar, sauna va spa tizimlari uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etadi. «Amitech Astana – shishaplastik quvurlar» (Qozog‘iston), «GREE – konditsionerlar» (Xitoy), «Baxi Group – qozonlar» (Italiya), «Akfa – radiatorlar, havo tozalash uskunalari», «TarlePlast – po‘lat quvurlar», «Master Building Products – Vero brendi ostida quvurlar va fitinglar» kabi milliy va chet el kompaniyalari shular jumlasidandir.

Ko‘rgazmalar doirasida qator seminar va davra suhbatlari, mahorat darslari, mahsulot va xizmatlar taqdimotlari o‘tkaziladi.

Matbuot anjumanida soha vakillari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

O‘zA axborot agentligi

Возврат к списку


загрузка карты...