23.09.2014

Poytaxtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo'yicha navbatdagi sammit bo'lib o'tdi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) barchamizning hayot tarzimizni, mehnat faoliyatimiz, muloqotimiz shaklini o‘zgartirishda davom etib, barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashda tobora katta ahamiyat kasb etib bormoqda.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha sammit har yili O‘zbekiston hamda yaqin va uzoq xorijdagi o‘zaro aloqa va hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish, AKT sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar bilan tanishish va soha taraqqiyotiga oid dolzarb masalalar muhokamasidan manfaatdor bo‘lgan sohaning asosiy ishtirokchilarini bir joyga jamlaydi.
AKT Sammitdan ko‘zlangan maqsad – hayot va mehnat faoliyatining turli sohalarida AKTni joriy etishdan olinadigan yutuqlar va imkoniyatlarni, axborot-kommuniksiya texnologiyalari sohasi rivojlanish tendensiyalarini namoyish etish, shuningdek O‘zbekiston AKT sohasining rivojlanishini rag‘batlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
AKT Sammit 2014 tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi kompyuterlashtirishni rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi hamda ICTNEWS nashri bo‘ldi.
AKT Sammit 2014 da uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etildi: «Davlat sektorida AKT», «Biznesda AKT», «Internet va axborot resurslari». Sammit doirasidagi ma’ruzalarning asosiy mavzulari sohadagi boshqaruv siyosatidagi tendensiyalar va asosiy o‘zgarishlar, AKTni rivojlantirish milliy dasturlarini amalga oshirishdagi yutuqlar va muammolar, jamiyat hayotining turli yo‘nalishlarida AKTni tatbiq etish tajribalari, infratuzilma rivojlanishi va boshqa dolzarb masalalarni qamrab oldi.
Tadbir yakunida tavsiyalar va Sammit Rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Bu yil AKT Sammit ishida O‘zbekiston, AQSh, Janubiy Koreya, Rossiya va boshqa mamlakatlardan kelgan 600 ga yaqin delegatlar qatnashdilar. Ular orasida BMT Taraqqiyot dasturi, Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik tashkiloti, KISA kabi xalqaro tashkilotlar, Microsoft, Softline International, LG kabi jahonning yetakchi kompaniyalari vakillari mavjudligi tadbirning xalqaro mavqei yuqori ekanligiga dalolat beradi.


Возврат к списку


загрузка карты...