25.02.2019

Iqtisodiyotimizda inflyatsiyaning oʻrni qanday?

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Inflyatsiya barcha tovar va xizmatlarga boʻlgan narxlarning koʻtarilishidir. Inflyatsiya darajasini hisoblashda asosan narxlarning oʻsish dinamikasini ifodalovchi koʻrsatkichlardan foydalaniladi. Inflyatsiyani hisoblashda asosiy koʻrsatkich – narx indeksi hisoblanadi.

Isteʼmol narxlari indeksi (INI) – inflyatsiya darajasini ifodalaydigan asosiy koʻrsatkichlardan biri boʻlib, oʻrtacha isteʼmolchi xarid qiladigan tovar va xizmatlarning oʻzgarmas toʻplami qiymatining umumiy oʻzgarishini hisoblaydi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilning yanvar-dekabr oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 14,9 foizga qimmatlashdi. Bu esa, oʻz navbatida, umumiy INIning oʻsishiga 6,4 foiz taʼsir etdi. Birgina, non, goʻsht, sut va meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi natijasida INIning oʻrtacha 5,5 foizga oshishiga olib keldi.

Nooziq-ovqat tovarlari narxlarining 12,5 foizga oshgani INIning 4,4 foiz oʻsishiga olib keldi. Kiyim-kechak, poyabzal, gazlama va eshilgan iplar, qurilish mollari, dori-darmonlar, avtomobillar uchun yoqilgʻi va yoqilgʻi mahsulotlari, shaxsiy gigiyena mahsulotlari narxlarining oshishi jami INIning 20,4 foizga teng boʻldi yoki inflyatsiyaning umumiy oʻsishiga 3,5 foizda taʼsir qildi.

Shuningdek, mamlakat aholisiga xizmat koʻrsatish boʻyicha narxlar va tariflar yil davomida oʻrtacha 15,8 foizga oshgan.

– Har oyning yakunida inflyatsiya darajasi, narx-navo koʻrsatkichlariga oid maʼlumotlar qoʻmitaning www.stat.uzrasmiy saytida joylashtirib boriladi, – deydi Davlat statistika qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. – Shuningdek, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan muntazam ravishda mamlakatning yetakchi oliy oʻquv yurtlarida oʻtkazilayotgan seminarlar va davra suhbatlarida ham inflyatsiya darajasi koʻrsatkichlariga oid maʼlumotlar eʼlon qilinib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Matbuot anjumani davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning natijalari boʻyicha qiyosiy statistik tahlillar taqdim etildi.

Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.

G.BOBOYEVA, OʻzA muxbiri

Возврат к списку


загрузка карты...