05.03.2019

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi iqtisodiy islohotlarni maʼqulladi

– Biz 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasiga asoslangan iqtisodiyotni isloh qilishga doir kompleks rejalarini maʼqullaymiz, – deydi Albert Yeger. – Ushbu rejalarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi iqtisodiyotning sifatli ish oʻrinlari tashkil qilish va barqaror oʻsishni taʼminlash qobiliyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Iqtisodiy oʻsish haqida aytadigan boʻlsak, bizning fikrlarimiz ijobiy. Xususan, yuksalishning uchta asosiy koʻrsatkichlari Oʻzbekistondan kuzatilmoqda. Yalpi ichki mahsulot hajmini oʻsishi, yangi ish oʻrinlari yaratilishi va tashqaridan investitsiyalar kiritilishi shular sirasidandir.
Yana bir fikrni aytishim kerak. 2018-yilda kreditlash jarayoni 50 foizga oʻsgan. Bunday yuqori koʻrsatkich iqtisodiyot uchun yaxshi natijalarga olib kelmasligi mumkin. Lekin, Oʻzbekiston islohotlar davrini boshdan kechirayotganini hisobga olsak, bu tabiiy jarayon. Lekin, nazoratsiz pul berib boʻlmaydi. Koʻp miqdorda kredit berilishi va uni nooʻrin sarflanishi inflyatsiya xavfini oshirib, narx-navo oʻsishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun kreditlash jarayonida chegara boʻlishi lozim. Ayni vaqtda bu haqida Oʻzbekiston hukumati bilan fikr almashdik. Tavsiyalar berdik. Oʻzbekiston hukumati albatta bu borada chora-tadbirlar koʻrmoqda.

Inflyatsiya boʻlmasligi uchun olingan kreditlarni bozorga sarflash emas, balki moddiy koʻrinishga keltirish lozim. Misol uchun, bino-inshootlar qurish, texnologiyalar yaratish yoki ilm uchun sarflanishi kerak. Shunday qilib, missiya Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yaqinda qabul qilgan pul-kredit siyosatini, jumladan, qayta moliyalashtirish stavkasini 16 foizgacha oshirish hisobidan qatʼiylashtirish choralarini ijobiy baholadi.

Mazkur fikrlar Xalqaro valyuta jamgʻarmasi kelishuvi moddalarining IV moddasi boʻyicha konsultatsiyalar doirasidagi jamgʻarma missiyasi tashrifi yakunlariga bagʻishlangan press-konferensiyada maʼlum qilindi. Uni Oʻzbekiston Moliya vazirligi va Markaziy bank tashkil etdi.

Sayyora Shoyeva, OʻzA

Возврат к списку


загрузка карты...