14.12.2018

Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Savdo-sanoat palatasi ijroiya qoʻmitasining 25 -majlisi yakunlandi

Unda tashkilotga aʼzo davlatlar – Afgʻoniston, Ozarbayjon, Eron, Pokiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, diplomatik korpus, turizm, transport, savdo, sanoat, investitsiya sohalari uchun masʼul vazirlik va idoralar, xotin-qizlar qoʻmitasi mutasaddilari, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv Turkiya Respublikasi raisligida tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Savdo-sanoat palatasi prezidenti A.Hofiziy, Turkiya Savdo-sanoat palatasi va tovar birjasi kengashi prezidenti R.Xisarchiklioglu, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi B.Amrayev qatnashdi.

Uch kun davom etgan tadbirda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Savdo-sanoat palatasining Tadbirkor xotin-qizlar kengashi, Turizm, Transport, Arbitraj, Sanoat, investitsiya, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish hamda Savdoni soddalashtirish boʻyicha qoʻmitalarining majlislari tashkil etildi. Qoʻmitalar majlislarida tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, savdo, sanoat, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashdagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Savdo-sanoat palatasining yuqori darajadagi tadbiri Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etildi. Tashkilotga raislik turli yillarda Afgʻoniston, Turkiya, Eron, Pokiston davlatlari tomonidan amalga oshirilgan. Ayni paytda unga Turkiya tomoni raislik qilmoqda. Bugungi kunda tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi tovar aylanmasi 600 milliard AQSH dollaridan ziyod, aholi soni esa 440 milliondan ortiqdir.

Tadbirda tuzilma tarkibidagi tarmoq institutlarining joriy yildagi faoliyati sarhisob qilindi, tashkilotga aʼzo davlatlar Savdo-sanoat palatalarining hamkorlikni mustahkamlashga doir taklif va tashabbuslari tinglandi.

Anjumanda ishtirokchilar mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xorijiy sarmoyadorlar manfaatlarini himoya qilish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Oʻtkazilgan uchrashuvlar natijalariga koʻra, Turkiyada 2019-yilda “Ayol tadbirkorlar yarmarkasi va seminari”ni oʻtkazish, Tadbirkor xotin-qizlar kengashi veb-portalini ishga tushirishga kelishib olindi.

Turizm sohasidagi hamkorlik tashkilot doirasidagi sheriklikning istiqbolli yoʻnalishi hisoblanadi. Shu maʼnoda, majlis ishtirokchilari 2019-yil sentyabr oyida Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro hunarmandlar festivali ishida tuzilmaga aʼzo davlatlar ishbilarmon xotin-qizlari ishtirokini taʼminlash hamda sayyohlikni rivojlantirish boʻyicha 2019-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha yakdil qarashga ega ekanliklarini bildirdi. Kelasi yili Oʻzbekistonning Turizm sohasidagi navbatdagi xalqaro investitsiya forumini Istanbulda oʻtkazishga qaror qilindi.

Uchrashuvda mintaqadagi transchegaraviy masalalar boʻyicha bahsli holatlarni hal etishga koʻmaklashish maqsadida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Savdo-sanoat palatasining Arbitraj markazini ochish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan Qirgʻiziston Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida Oʻzbekiston – Qirgʻiziston ishbilarmonlari kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Savdo-sanoat palatasi bilan Turkiya ishbilarmonlari kengashi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Возврат к списку


загрузка карты...